Sietl federal sudi dunyoda eng yirik bo‘lgan Binance kriptobirjasi asoschisi Chanpen Chjaoni to‘rt oylik qamoq jazosiga hukm qildi, deb xabar bermoqda Reuters. Prokurorlar unga uch yillik qamoq jazosini so‘ragan edi.

Sud 47 yoshli Chjaoni AQShning pul yuvishga qarshi kurash qonunlarini buzganlikda aybdor deb topdi. Prokurorlar Binance rahbariyatini 100 000 ta shubhali tranzaksiyani, jumladan, HAMAS, Al-Qoida va ISHID guruhlariga o‘tkazmalarni yashirishda aybladi. Shuningdek, ayblov xulosasida keltirilishicha, birja bolalar jinsiy zo‘ravonlik materiallarini sotishni qo‘llab-quvvatlagan va tovlamachilikdan tushgan daromadning katta qismini olib kelgan.

Binance 4,32 milliard dollar jarima to‘lashga rozi bo‘ldi, Chjao esa 50 million dollar jinoiy jarima to‘ladi, yana 50 million dollarni AQSh Tovar fyuchers savdo komissiyasiga berdi.

2024-yil 1-may holatiga ko‘ra, Bloomberg Chanpen Chjaoning boyligini 36 milliard dollarga baholagan. U dunyoning eng boy odamlari ro‘yxatida 42-o‘rinni egallab turibdi. Binance`ga qarshi ayblovlar ortidan Chjao kriptovalyuta birjasining bosh direktori lavozimidan ketdi.

Mart oyida AQSh sudi FTX kripto birjasi asoschisi Sem Benkman-Fridni mijozlardan milliardlab dollar o‘g‘irlaganlikda ayblab, 25 yilga ozodlikdan mahrum qilgandi. AQSh prokuraturasi buni AQSh tarixidagi eng yirik moliyaviy firibgarliklardan biri deb atagan.